“O‘zbekiston” nashriyot matbaa ijodiy uyi tomonidan O‘zbekiston xalq rassomi Alisher Mirzoning “Musavvir” nomli yangi romani chop etildi. Roman voqealari Toshkentdan borgan ikki do‘stning Moskva davlat san’at institutiga talaba sifatida o‘qishga kirishlari bilan boshlanadi. Keyin nima bo‘ldi? Moskvadagi oliy ilm dargohida olingan bilimning samarasi qanday kechdi? Ishonchlar, orzu-niyatlar ro‘yobga chiqdimi? Umidlar ushaldimi? Qay tariqa yuz berdi bari, tafsilotlar unutilganmi yoxud? “Musavvir” Siz aziz kitobxonlarni qiziqtirgan shu kabi savollarga javob tariqasida yozilgan. Real voqealar, biografik ma’lumotlar va xotiralarga asoslangan asarda bosh qahramon Baxtiyorning haqiqiy musavvirlik mahoratini egallash sari boshidan kechirgan sarguzashtlari, ajoyib-g‘aroyib ko‘rgan-kechirganlari, o‘y-mulohazalari ishonarli va ta’sirli bayon etilgan. Og‘zaki hikoya tarzidagi shirador ohang, so‘z va jumla qo‘llash uslubi o‘quvchini o‘ziga rom etadi. Asarda, shuningdek, ko‘plab milliy va jahon xalqlari adabiyoti, san’ati siymolari bilan bog‘liq nodir lavhalar zavq bilan o‘qiladi. Yorqin, sog‘inchli ranglar falsafasiga yo‘g‘irilgan yangi memuar asarni kitobsevar do‘stlarimizga tavsiya qilar ekanmiz, maroqli mutolaa sururi Sizni bir lahza ham tark etmasligiga ishonamiz.
“O‘zbekiston” NMIU tomonidan amerikalik tadqiqotchi, fan doktori, diplomat va sayyoh Yujin Skayler qalamiga mansub “Turkiston: Rossiya Turkistoni, Qo‘qon, Buxoro va G‘uljaga sayohat qaydlari” nomli yangi kitob nashr etildi. Tadqiqotchi va tarjimon Z.Saidboboyevning zahmatli mehnati va mahorati tufayli Markaziy Osiyo tarixshunosligi davrining haqqoniy shohidi bo‘lgan, salohiyatli olim tomonidan yozilgan, qimmatli asar qariyb 150 yildan so‘ng o‘zbek kitobxonlariga taqdim etildi.
Kitob o‘lkaning Rossiya imperiyasi istilosidan keyingi ijtimoiy tarixi va madaniy hayotiga doir ajoyib manba sanaladi. Muallif harbiy va siyosiy masalalar bilan birga ko‘proq O‘rta Osiyo xalqlari tarixi, ma’naviy hayotini yoritishga, uning asl falsafasi va tub ildizlarini topishga urinadi.
Y.Skayler 1873 yilda – Rossiya imperiyasi O‘rta Osiyoda harbiy harakatlar olib borayotgan, nizolar kuchaygan, mustamlaka tizimi endigina qaror topayotgan, o‘ta ziddiyatli davrda o‘lkaga tashrif buyuradi va g‘arblik sayohatchilarning dastlabki vakili sifatida barcha ko‘rgan-kechirganlarini xolis, tushunarli va ravon tilda, ko‘plab daliliy ma’lumotlar asosida bayon etadi. Shu jihatdan asar mintaqaning o‘sha davr tarixini o‘rganishda muhim manbaa bo‘lib xizmat qiladi.
Muallif o‘ta nozik kuzatuvchi sifatida ajdodlarimiz hayotining har bir jihatini o‘rganib, ularning o‘ziga ishongan hamda yuksak madaniyatli ziroatkor xalq bo‘lganiga amin bo‘ladi. U shunday yozadi: “O‘zbeklar tabiatan mohir mirishkor va ularning sanoat tarmoqlari mahalliydir”.
Kitobni o‘qir ekansiz, sayyoh va diplomatning O‘rta Osiyo bo‘ylab uzoq safariga hamroh, o‘lkani kezish jarayonidagi qiziqish va hayratlari, kechirgan qiyinchilik hamda mashaqqatlariga sherik, suhbatdoshlari bilan kechgan muloqotlariga shohid bo‘lasiz. Eng muhimi, muallif bayon etgan ajoyib tasvirlar orqali tarix sahifalarini yana bir varaqlab, o‘tmish voqealarini esga olasiz.
“O‘zbekiston” NMIU tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning 2018-yil 8-9 oktyabr kunlari Fransiya Respublikasiga uyushtirgan rasmiy tashrifiga bag‘ishlangan “O‘zbekiston-Fransiya: taraqqiyotning yangi bosqichidagi hamkorlik” nomli kitob-albom nashr etildi.
Kitob-albomni varaqlar ekansiz, ko‘z o‘ngingizda zamonaviy Parij qiyofasi, Luvr muzeyi, Syulli ko‘prigi, Ko‘zgular galereyasi, Yelisey, Lyuksemburg, Otel-de-Vil, Kapitoliy, Versal saroylari, G‘alaba arkasining oqshomgi ko‘rinishi namoyon bo‘ladi.
Dunyodagi iqtisodiy jihatdan qudratli davlatlardan biri Fransiya Yevropaning markazi va asosiy harakatlantiruvchi kuchi sanaladi. Ko‘p asrlardan buyon jahon madaniyati, san’ati va ilm-fani markazlaridan biri bo‘lib kelayotgan bu mamlakatga O‘zbekiston rahbarining ilk rasmiy tashrifi uzoq muddatli amaliy hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini belgilab berdi.
O‘zaro manfaatli bo‘lgan mintaqaviy va xalqaro masalalar yuzasidan sermazmun muloqotlar, Fransiyaning yirik kompaniyalari bilan hamkorlikdagi istiqbolli loyihalar, madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirish yuzasidan bo‘lib o‘tgan samarali muzokaralar davomida davlatimiz rahbari Emmanuel Makronga uning yurtimizda o‘zbek tilida nashr qilingan “Revolyutsiya” kitobini tuhfa qildi.
Kitob-albomda Prezidentimizning tashrif doirasida Fransiya tadbirkor doiralari bilan uchrashuvi, jahonga mashhur Luvr muzeyida saqlanayotgan san’at asarlari bilan tanishuvi, shuningdek, YUNESKO qarorgohida Bosh direktor Odri Azule bilan olib borilgan muloqotlar yorqin suratlarda aks etgan.