Полная версия Изображения: Вкл Выкл    Размер шрифта: A A A    Цвет сайта: A A A A
TELEFONLAR
+99871 244-34-01
ISHONCH TELEFONI
+99871 244-37-81

Mehr-muruvvat va ma’naviyat bayrami

Joriy yilning 4 iyun kuni “O‘zbekiston” nashriyot matbaa ijodiy uyi tomonidan  “Har bir bola mehr og‘ushida” shiori ostida poytaxtimizning Yunusobod tumanidagi 21-sonli Mehribonlik uyida bayram tadbiri tashkil etildi. Yunusobod tuman Madaniyat markazi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tadbirda namoyish etilgan  badiiy dastur bolajonlarga bir olam zavq bag‘ishladi. Ayniqsa, Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari tomonidan ijro etilgan ajoyib she’r va qo‘shiqlar barchani xushnud etdi. Nashriyot xodimlari ushbu maskan kutubxonasi bilan tanishib, “O‘zbekiston” NMIU tomonidan chop etilgan 30dan ortiq nomdagi 300ga yaqin  kitoblarni mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilariga sovg‘a qildilar.
-  Yosh avlod qalbiga tozalik, ezgulikni singdirish, ularning ertangi istiqboli, ma’naviyatimiz charxi va rivoji uchun xizmat qiluvchi ezgu tashabbuslarni amaliyotga tadbiq etish asosiy vazifalarimizdan, - deydi  “O‘zbekiston” NMIU direktori O.Meliev.
Mehribonlik uyi rahbariyati bolalarga ko‘rsatilgan mehr va e’tibor, ajoyib kitoblar uchun nashriyot xodimlariga minnatdorchilik bildirdilar.

Kitob -  millatlarni birlashtiruvchi ko‘prikdir

Joriy yilning 23 aprel kuni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasida “Kitob bizning doʻstimiz va boyligimiz” mavzusida davra suhbati boʻlib oʻtdi. Unda Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi, Yozuvchilar uyushmasi, “Oʻzbekiston” NMIU ijodiy hodimlari, shuningdek, Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat instituti, Toshkent davlat pedagogika universiteti oʻqituvchi va talabalari ishtirok etdilar.
Milliy madaniy markazlar va xorijiy davlatlar bilan doʻstlik aloqalarini kengaytirishga xizmat qilayotgan Qoʻmita qoshida “Do‘stlik” nomli mo‘jaz kutubxona tashkil etilgan bo‘lib, unda yurtimizda istiqomat qilayotgan turli millat vakillarining tili, madaniyati, tarixiga oid koʻplab kitoblar mavjud.
-    Kitob tili, dini, eʼtiqodi, dunyoqarashi turlicha boʻlgan millatlarni birlashtiradi, insoniyatni ezgulik sari undaydi. U hech qachon xiyonat qilmaydigan do‘st, hamisha to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatuvchi beminnat murabbiydir.   Kitobni tanlab oʻqish, avaylab saqlash, shaxsiy kutubxona tashkil etish, oʻqilgan kitoblarni boshqalarga tavsiya eta olish ham kishining mutolaa madaniyatini belgilaydi, - deydi tadbirda soʻzga chiqqan “Oʻzbekiston” NMIU bоsh muharriri A.Babaniyazov.
Tadbir so‘ngida hamkor tashkilotlar tomonidan “Do‘stlik” kutubxonasi fondiga kitoblar to‘plami sovg‘a qilindi.  

2019 yil - MDHda “Kitob yili”

2019 yilning 14-16 may kunlari Turkmaniston Respublikasining Ashxobod shahrida “Hamkorlikning umumiy gumanitar hududi: madaniyat, fan va taʼlim sohasida muloqot” mavzusida MDHga kiruvchi davlatlar ijodkor va ziyolilarining XIV forumi boʻlib oʻtdi. Unda Rossiya, Turkmaniston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Ozarbayjon, Armaniston, Ukraina, Belarus, Moldova va Oʻzbekiston kabi davlatlarning 200dan ortiq ilm-fan, taʼlim, madaniyat sohalarida faoliyat olib borayotgan  yetuk mutaxassislar, vazirlik va idoralar, xalqaro tashkilot va jamoat uyushmalari vakillari ishtirok etdilar.
Forum ishtirokchilari guruhlarga boʻlinib, fan, taʼlim, madaniyat sohasida oʻzaro hamkorlikni yanada  mustahkamlash, koʻptarmoqli axborot aloqalarini shakllantirish,  yoshlar bilan ishlashda moddiy va maʼnaviy merosning ahamiyatiga bagʻishlangan masalalar boʻyicha oʻzaro fikr almashdilar.  
-“2019 yil - MDHda “Kitob yili” mavzusida oʻtkazilgan munozarada soʻzga chiqib, Oʻzbekistonda kitob oʻqish madaniyatini yuksaltirish, kitobxonlikni keng targʻib qilish boʻyicha tizimli ishlar tashkil etilgani, yoshlarning ertangi istiqboli, maʼnaviyatimiz charxi va rivoji uchun xizmat qiluvchi 5 ta muhim ezgu tashabbuslarning amaliyotga tatbiq etilayotgani haqida maʼruza qildim. Yurtimizdagi yoshlar bilan ishlashdagi innovatsion yondoshuvlar Forum qatnashchilarida katta qiziqish uygʻotdi, - deydi “Oʻzbekiston” NMIU direktor oʻrinbosari M.Boʻronov.
Tadbir doirasida Oʻzbekiston delegatsiyasi Turkmaniston davlat madaniyat markazi qoshidagi davlat milliy kutubxonasiga tashrif buyurib,  oʻzbek noshirlari tomonidan chop etilgan kitoblar jamlanmasini  sovgʻa qildilar.Forum ishtirokchilari takliflari asosida MDH davlatlari milliy anʼanalari, tili, madaniyati, tarixini chuqur oʻrganish va keng targʻib qilish, qadimiy yodgorliklarni qayta taʼmirlash, sanʼat, madaniyat, fan-taʼlim sohalarida oʻzaro hamkorlikning yangi yoʻnalishini oʻzida ifoda etuvchi Rezolyutsiya qabul qilindi.
Tadbir soʻngida Forum qatnashchilari uchun Turkmaniston sanʼatkorlari tomonidan konsert dasturi namoyish etildi.