Полная версия Изображения: Вкл Выкл    Размер шрифта: A A A    Цвет сайта: A A A A
TELEFONLAR
+99871 244-34-01
ISHONCH TELEFONI
+99871 244-37-81

Beshta tashabbus - amalda!

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2019 yil 19 mart kuni oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida ijtimoiy, maʼnaviy-maʼrifiy sohalardagi ishlarni yangi tizim asosida yoʻlga qoʻyish boʻyicha 5 ta muhim tashabbus ilgari surilgan edi. 2019 yilning 18 may kuni ushbu 5 ta tashabbus doirasida Uchtepa tumanida joylashgan “Madaniyat va istirohat ekoparki” hududida aholi va yoshlar uchun kitob-yarmarkasi oʻtkazildi. Unda “Oʻzbekiston” NMIU, “Oʻqituvchi”, Gʻafur Gʻulom hamda Choʻlpon nomidagi nashriyotlar, “Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi”, “Sharq”, “Yangi asr avlodi”, “Hilol-nashr” kabi nashriyot matbaa majmualari yangi kitoblar toʻplami bilan ishtirok etdilar.  

Yangi tong

“Oʻzbekiston” nashriyot matbaa ijodiy uyi tomonidan “Yangi tong” nomli sheʼriy toʻplam nashr etildi. Andijonlik shoira Xurshida Vahobjon qizining “Sigʻmagay jismim jahonga” nomli ilk sheʼriy kitobi 1998 yilda chop etilgan edi. Nafis tuygʻularga boy sheʼrlari bilan xalqimiz koʻnglidan joy olgan noziktaʼb shoiraning navbatdagi sheʼriy toʻplamida yangi sheʼrlar, gʻazallar, muxammas va dostonlar jamlangan boʻlib, undagi sof muhabbat, ilohiy ishq, sabr va matonat haqidagi misralar qalbingizni ezgulik, insoniylik nuriga toʻldirishiga ishonamiz.


Qil sigʻmas yurakka, bezovta ruhim,
Mahzunlik ortiga chekinmas bir on...
Beparvo bu dunyo nurga burkanar,
Sening kulgularing yangrasa shodon!..

                        * * *

Muhabbat – eng musaffo orzu,
Ishonchdandir yuksak ehtirom,
Men uchun baxt sanalgay ezgu,
Yetar boʻlsa sizga shu kalom.
                      
                    * * *

Nafosatli guldir yuragim,
Safolatdan soʻz ochmang aslo,
Iforidan yaralar nazm,
Nish urmoqlik undan mustasno.

Ma’naviyat bayrami

Xotira shunday ruhiy-maʼnaviy qudratki, u insonning insonligini anglatuvchi, uni oʻtmish va kelajak bilan bogʻlab turuvchi buyuk qadriyatdir.
9 may – “Xotira va qadrlash kuni” har yili mamlakatimizda umumxalq bayrami sifatida keng nishonlanadi. Zero, el-yurt tinchligi, osoyishtaligi, erki va ozodligi uchun kurashgan insonlar hamisha xalqimiz ardogʻidadir. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning “Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini taʼminlash, ulugʻ ajdodlarimizning ibratli hayotini yodga olish maqsadida “Oʻzbekiston” nashriyotida  Kasaba uyushmasi qo‘mitasi tomonidan maʼnaviy-maʼrifiy tadbir tashkil etildi.
-Xalqimizga xos boʻlgan mehr-oqibat, muruvvat va himmat barcha bayramlarimiz singari “Xotira va qadrlash kuni” misolida ham yorqin namoyon boʻladi. Oʻtgan ajdodlarimizni xotirlash, ularning bizga qoldirgan boy maʼnaviy-maʼrifiy merosini oʻrganib, hayotimizga izchil tadbiq etishib borish barchamizning burchimizdir,- deydi nashriyot Kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisi Feruza Mirkamalova.
Taniqli madaniyat va sanʼat vakillari- Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Toshkent shahar Shayxontohur tuman boʻlinmasi rahbari Elyorjon Joʻrayev, Oʻzbek davlat drama teatri aktyori Shaxzod Murodov hamda R.Glier nomidagi respublika ixtisoslashtirilgan musiqa akademik litseyi oʻquvchilari tomonidan ijro etilgan monologlar, spektakl qahramonlari nutqidan parchalar va jozibali kuy-qoʻshiqlar tadbir qatnashchilarida unutilmas taassurot qoldirdi.