Полная версия Изображения: Вкл Выкл    Размер шрифта: A A A    Цвет сайта: A A A A
TELEFONLAR
+99871 244-34-01
ISHONCH TELEFONI
+99871 244-37-81

Ezgulikka baxshida umr

Bugun nashriyot jamoasi uzoq yillar davomida korxona faoliyati rivojiga oʻz hissasini qoʻshgan, butun umrini kitob nashr etishdek ezgu ishga bagʻishlagan Nashriyotning badiiy sexi katta ustasi Salavat Galimovni nafaqaga kuzatishga yigʻildi. Oʻzining 42 yillik faoliyati davomida jamoa mehri va hurmatini qozongan Salavat Galimovga Nashriyot rahbariyati va ijodiy xodimlari tomonidan iliq fikrlar aytilib, dil izhorlari yozilgan diplom va sovgʻalar topshirildi.
– Nashriyotimizda 650ga yaqin mutaxassislar faoliyat olib borsada, har birining jamoada oʻz oʻrni bor. “Oʻzbekiston” nashriyoti katta maktab. Oʻz kasbini sevgan, chinakam fidoiy xodimlarimizning borligi korxonamizning katta yutugʻi, - deydi nashriyot direktori O.Meliyev. “Mehnat qilsang, koʻksing togʻ, hurmat qilsang, diling bogʻ”, deb bejizga aytishmaydi. Zero, mehnatgina insonni yuksakka koʻtaradi, hayotiga mazmun bagʻishlaydi.

Ginnes jahon rekordlari “Oʻzbekiston”da

1950 yilda pivo ishlab chiqaruvchi Guinness kompaniyasining rahbari ser Xyu Biverning miyasiga turli jahon rekordlari aks etgan kitobni nashr ettirish fikri keladi. Mana 60 yildirki, ushbu kitob qahramonlarining yutuq va muvaffaqiyatlari millionlab insonlarni hayratdan yoqa ushlashga majbur etmoqda.
Dunyoga mashhur “The Guinness Book of Records” kitobining ilk nashri 1955 yil 27 avgustda dunyo yuzini koʻrdi. Dastavval reklama mahsuloti sifatida chiqarilgan kitob bir zumda butun mamlakat boʻylab ommaviy tarzda yoyila boshladi. Bir yil oʻtib u AQSHda nashr qilindi, bugungi kunga kelib esa kitob 100dan  ortiq davlatda 20 tilda bosib chiqarilmoqda. 1999 yildan boshlab kitob nomi rasmiy ravishda “Guinness. World Records” deb yuritila boshladi, sababi – ushbu loyiha endi nafaqat kitob, balki teleshou, muzey, veb-saytlar, raqamli kanallar, elektron kitoblarni oʻzida jamlay boshladi. U endilikda, hattoki toʻgʻridan-toʻgʻri efirga uzatiluvchi shouga ham aylandi.  
Bugungi kunda “Guinness. World Records” yiliga taxminan 50 000 talabgorning ishlarini koʻrib chiqadi va oʻz hakamlarini okean tubidan tortib dunyoning eng baland binosi boʻlgan Burj-xalifagacha joʻnatadi. Hozirda tashkilot Londonda oʻzining tahririyatiga ega, shuningdek, Nyu-York (AQSH), Tokio (Yaponiya), Pekin (Xitoy) va Dubay (BAA)dagi ofislarda ham vakolatxonalari mavjud.
Yuzlab yangi yutuqlar, aql bovar qilmas imkoniyatga ega insonlar, kun sayin yangilanib borayotgan rekordlar va albatta, koʻplab hayratomuz suratlar jamlangan “Ginnes. Jahon rekordlari” kitobi yurtimizdagi eng nufuzli nashriyot “Oʻzbekiston” NMIU tomonidan ilk bor oʻzbek tilida chop etildi. Ushbu nashrni varaqlay turib, siz kitob ustida ishlagan insonlarning davr talabiga hamohang tarzda dunyoda sodir boʻlayotgan yangi voqea-hodisalardan boxabar boʻlib borayotganiga va ushbu oʻzgarishlarni yorqin suratlarda ifodalashga harakat qilayotganiga amin boʻlasiz.
Maʼlum yoʻnalishga oid boʻlgan rekordlarni topishda oʻquvchilarga qulaylik tugʻdirish maqsadida ular alohida boʻlimlarga ajratilgan. Kitobda “Dunyodagi eng uzun lagʻmon”, “Moʻyqalamda ishlangan eng katta surat”, “Pahlavon ayol”, “Kuchli sochlar egasi”, “Fidoyi oʻqituvchi” kabi yoʻnalishlar boʻyicha hamyurtlarimiz tomonidan oʻrnatilgan koʻplab qiziqarli jahon rekordlari ham oʻrin olgan boʻlib, bu Sizni beeʼtibor qoldirmasligi shubhasiz. Ishonamizki, 60 yillik tarixga ega va dunyodagi eng koʻp sotiluvchi kitoblar qatoridan muqim oʻrin egallab kelayotgan rekordlar jamlanmasi sizga olam-olam zavq bagʻishlaydi.  

Axborot xizmatlari xodimlari uchun o'quv-seminar tashkil etildi

Joriy yilning 11-12 aprel kunlari  Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari axborot xizmatlari faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan “Axborot xizmatlari faoliyatiga oid nazariy va amaliy aspektlar” mavzusida ikki kunlik oʻquv-seminari boʻlib oʻtdi. Unda turli tashkilotlarning 60ga yaqin axborot xizmatlari xodimlari ishtirok etdilar.
      Oʻquv-seminar davomida Oʻzbekiston Milliy universiteti hamda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti mutaxassislari ishtirokida axborot xizmatlari faoliyatiga doir qonunchilik, OAV bilan samarali hamkorlik, tashkilot faoliyatida uchraydigan sterеotiplar, tashkilot imijini mustahkamlash kabi masalalar amaliy misollar yordamida muhokama qilindi.  O'quv-seminarning ikkinchi bosqichi xo'jalik boshqaruvi organlari axborot xizmatlari xodimlari uchun 18-19 aprel kunlari o'tkaziladi.