Nashriyotimiz vakillari O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi hamda O'zbekiston futbol assotsatsiyasi bilan hamkorlikda OAV va matbaa korxonalari xodimlari uchun tashkil etilgan "MediaUz" futbol haftaligida muvaffaqiyatli ishtirok etmoqda.
Futbol haftaligining ikkinchi ya'ni 25-avgust kuni "Vatanparvar" gazetasi jamoasiga qarshi kechgan o'yinda nashriyot jamoasi 4:1 hisobida g'alabani qo'lga kiritdi.
Shuningdek, xuddi shu kunning o`zida "Yoshlar ovozi" gazetasi bilan kechgan baxsli o`yin durrang natija bilan yakunlandi.
Kecha 26-avgust kuni "Yoshlar Ittifoqi" bilan kechgan murosasiz o`yinda jamoamiz 4:2 natija bilan o`z hisobiga yana bir ochkoni yozib qo`ydi.
Navbatdagi o`yin bugun 27-avgust kuni soat 19:00 da "Sport" telekanali bilan bo`lib o`tishi kutilmoqda.
Eslatib o`tamiz, "MediaUz" futbol haftaligi joriy yilning 23-avgust kuni start olgan bo`lib, 29-avgustga qadar davom etadi.
"O'zbekiston" NMIU tomonidan kitob yarmarkasi tashkil etildi
Yangi o‘quv yili oldidan barcha nashriyotlarda ishlar qizg‘in. Zero, ta’lim muassasalarini yangi darsliklar va matbaa mahsulotlari bilan ta’minlash, o‘quvchilarning sifatli o‘quv qurollaridan foydalanishlari ta’lim sifati va samaradorligini oshirishda asosiy vosita bo‘lib xizmat qiladi.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining 2019 yil 15 yanvardagi 08-188-sonli topshirig‘iga muvofiq “O‘zbekiston” NMIU tomonidan 2019-2020-o‘quv yili uchun 130 nomdagi 14 238 322 dona darsliklarlar chop etildi. Xalq ta’limi vazirligining buyurtmasi asosida Prezident sovg‘asi sifatida taqdim etiladigan 7 635 384 dona davlat ta’lim standartlariga to‘la javob beruvchi 1-sinflar uchun sifatli daftarlar ishlab chiqarildi. Bundan tashqari, 1 349 154 dona o‘qituvchi va o‘quvchilar uchun sinf jurnallari hamda baholar tabeli tayyorlanib, o‘z vaqtida yetkazib berildi.
Shuningdek, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tavsiyasi asosida Toshkent viloyati Yangi yo‘l tumanida joylashgan Quyoshli bozorida “O‘zbekiston” nashriyoti tomonidan chop etilgan eng sara kitoblar yarmarkasi tashkil etildi. Kitob yarmarkasi 10-sentyabrga qadar davom etadi.
Yangi o‘quv yilida muvaffaqiyat tilaymiz!
“O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligiga qarashli “O‘zbekiston” nashriyot matbaa ijodiy uyi tomonidan chop etilgan “XX asr:taqdirlarda aks etgan tarix” nomli kitob ko‘pchilikda katta qiziqish uyg‘otgan edi. “XX asr” seriyasidagi navbatdagi kitob sport o‘yinlari, o‘tgan asrning yengilmas va mashxur sportchilariga bag‘ishlandi.
Ma’lumki, sport insonni jismoniy, ham ma’naviy komillik sari yetaklaydi. Qadim zamonlardan boshlab sport tomoshabinlar uchun ham psixologik dam olish, o‘zini tiklash vositasi bo‘lib kelgan. Shuning uchun sport musobaqalari faqat kam sonli muxlislar uchun emas, balki minglab tomoshabinlar uchun inson imkoniyatlarining cheksiz namoyishi sifatida katta ahamiyatga ega bo‘lgan.
Qadimda urush va ov bilan bog‘liq turli mashqlar keng tarqalgan bo‘lib, ayniqsa marosimiy raqslar harakat o‘yinlarining rivojlanishida muhim rol o‘ynagan. Keyinchalik Qadimgi Gretsiyada jismoniy madaniyatga katta e’tibor qaratilib, mil.avv. 776-yildan boshlab dastlabki Olimpiada o‘yinlari o‘tkazilgan. Qadimgi Rimda o‘tkazilgan Kapitoliy o‘yinlari ham o‘z mavqei va ommaviyligiga ko‘ra bemalol Olimpia o‘yinlari bilan tenglasha olardi.
XIX asrdan boshlab zamonaviy sport o‘yinlari shakllandi. Xalqlar va mamlakatlar o‘rtasida iqtisodiy, siyosiy va madaniy aloqalar hamda kommunikatsiya vositalarining rivojlanishi sport musobaqalarini xalqaro miqyosga olib chiqish imkonini berdi. 1896-yil 6-aprel kuni Afina shahrida birinchi Olimpiada o‘yinlari ochib berildi. XX asrga kelib har to‘rt yilda o‘tkaziladigan Olimpiada o‘yinlaridan tashqari sportning deyarli barcha turlari bo‘yicha turli chempionatlar o‘tkazilishi odat tusiga kirdi. Sport o‘yinlari tom ma’noda dunyoda tinchlik va xalqlar o‘rtasida do‘stlik vositasi bo‘lib qoldi.
Sportning inson faoliyatining boshqa turlaridan farqli tomoni shundaki, unda juda kuchli musobaqa ruhi mujassamlashgan. Ana shu musobaqa ruhi insonni eng xavfli, tavakkal ishlarga qo‘l urishga, hayotini xavf ostiga qo‘yib bo‘lsa ham mo‘ljalga intilishga undaydi. Hamma sportchilar birinchi bo‘lishga, yangidan-yangi marralarni zabt etishga harakat qiladi. Yangi nashr etilgan “XX asr: afsonaviy sportchilar va unutilmas g‘alabalar” nomli ushbu kitob ana shunday mashhur sportchilar hayoti va sportda erishgan ulkan g‘alabalari haqida hikoya qiladi. To‘plam qahramonlarining musobaqalarga tayyorgarlik jarayonlari, his-tuyg‘ulari, mag‘lubiyat alamlari, g‘alaba quvonchlarini hayajon bilan o‘qiysiz. Kitobdan sportning boks, kurash, engil atletika, og‘ir atletika, futbol, xokkey, basketbol, suzish, figurali uchish, shaxmat kabi turlarida hayratlanarli natijalarga erishgan, o‘z davrining afsonasiga aylangan eng mashhur sportchilar hayotidagi bir-biridan qiziqarli va hayratomuz voqealar o‘rin olgan.
Kitobni o‘qir ekansiz, nafaqat sport bilan professional tarzda shug‘ullanib, uning har bir turida inson imkoniyatlarining cheksizligini isbotlagan, o‘z g‘alabalari bilan INSON degan yuksak nomga abadiy xaykal o‘rnatgan sportchilar jasorati bilan tanishasiz, balki o‘sha davrda kechayotgan ijtimoiy-siyosiy voqealar haqida ham ko‘plab yangi ma’lumotlarga ega bo‘lasiz.
Nashriyotimiz XX asr tarixining qiziqarli jihatlarini kitobxonlarga yetkazishda davom etadi.