Joriy yilning 11-12 aprel kunlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari axborot xizmatlari faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan “Axborot xizmatlari faoliyatiga oid nazariy va amaliy aspektlar” mavzusida ikki kunlik oʻquv-seminari boʻlib oʻtdi. Unda turli tashkilotlarning 60ga yaqin axborot xizmatlari xodimlari ishtirok etdilar.
Oʻquv-seminar davomida Oʻzbekiston Milliy universiteti hamda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti mutaxassislari ishtirokida axborot xizmatlari faoliyatiga doir qonunchilik, OAV bilan samarali hamkorlik, tashkilot faoliyatida uchraydigan sterеotiplar, tashkilot imijini mustahkamlash kabi masalalar amaliy misollar yordamida muhokama qilindi. O'quv-seminarning ikkinchi bosqichi xo'jalik boshqaruvi organlari axborot xizmatlari xodimlari uchun 18-19 aprel kunlari o'tkaziladi.
Davlatimiz rahbari ijtimoiy, maʼnaviy-maʼrifiy sohalardagi ishlarni yangi tizim asosida yoʻlga qoʻyish maqsadida yoshlarga eʼtiborni kuchaytirish, ularni madaniyat, sanʼat, jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, ularda axborot texnologiyalaridan foydalanish koʻnikmalarini shakllantirish, yoshlar oʻrtasida kitobxonlikni targʻib qilish, xotin-qizlar bandligini oshirish boʻyicha 5 ta muhim tashabbusni ilgari surgan edi. Yoshlarning ertangi istiqboli, maʼnaviyatimiz charxi va rivoji uchun xizmat qiluvchi ezgu tashabbuslarning amaliyotga tadbiqi Boʻkadan boshlandi.
Kuni kecha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi hamda Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqi hamkorligida Toshkent viloyatining Boʻka tumanida joylashgan Madaniyat markazida bayram tadbiri boʻlib oʻtdi.
“Oʻzbekiston” NMIU, “Oʻqituvchi”, “Choʻlpon”, “Sharq”, “Mashhur-press”, Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi kabi davlat nashriyotlari tomonidan chop etilgan kitob karvonining tumanga kirib kelishi katta tantanaga aylanib ketdi. Yoshlar qalbiga tozalik, ezgulikni singdirish, xalqimiz, jumladan, yoshlarning kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, ijodkorlar va kitobxonlar oʻrtasidagi muloqotni yaxshilash maqsadida tashkil etilgan kitoblar koʻrgazmasida yozuvchilarning ham ishtirok etgani oʻquvchilarda katta qiziqish uygʻotdi. Koʻrgazmaga viloyat hokimi Gʻ.Ibragimov ham tashrif buyurib, kitob yarmarkasidan ellikdan ortiq kitob xarid qilib, tumandagi beshta maktab kutubxonasiga taqdim etdi.
Oʻquvchi-yoshlar bilan oʻtkazilgan davra suhbatida Sirojiddin Sayyid, Mahmud Toir, Salim Ashur, Usmon Azim, Anvar Obidjon, Ashurali Joʻrayev, Gʻofur Shermuhammad kabi koʻplab atoqli yozuvchilar ishtirok etib, bugun yoshlarning har sohada peshqadam boʻlishi, vaqt bilan “musobaqa”da gʻolib boʻlishlari, zamon talablariga javob beradigan barkamol inson boʻlib ulgʻayishlari uchun davlatimiz tomonidan beqiyos gʻamxoʻrlik qilinayotgani, faqat maʼrifat sari qadam bosishlari, qalban inson boʻlish, oʻz-oʻzini kashf etish uchun kitob oʻqishlari lozimligi haqida fikr bildirib, oʻz sheʼrlaridan namunalar oʻqib berdilar.
Davra suhbatidan soʻng taniqli estrada xonandalari ishtirokida konsert dasturi namoyish etildi. Tushdan soʻng “Xalq ovozi” gazetasi tahririyatida isteʼdodli yozuvchilar tomonidan “Mahorat darslari” oʻtkazildi. “Boʻka nihollari” iqtidorli yoshlari toʻgaragi aʼzolariga Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasining “Ijod” jamoat fondi tomonidan uch yuzta badiiy kitoblar va kompyuter jamlanmasi topshirildi.
Shu kuni hamkor tashkilotlar tomonidan tumanda joylashgan mavjud 49 ta maktabning har biriga 200 tadan, mahallalarda faoliyat olib borayotgan 14 ta kutubxona, Bolalar musiqa va sanʼat maktabi hamda Mehribonlik uyiga 100 tadan, shuningdek, tumandagi oilalarga 1000dan ortiq kitoblar sovgʻa qilindi.
Oʻzbek xalqining dostonchilik sanʼati jahon xalqlari ogʻzaki badiiyati chamanida oʻz nufuzi, mavqeiga ega boʻlgan betakror soʻz sanʼatidir. Bunday sharafga erishishda atoqli shoir Ergash Jumanbulbul oʻgʻlining qoʻshgan ulushi beqiyos. “Oʻzbekiston” NMIU tomonidan ana shunday zoʻr isteʼdod egasining murakkab kechgan hayot yoʻli va yorqin ijodiga bagʻishlangan Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, folklorshunos Rahim Qodir qalamiga mansub “Baxshilar sarvari” nomli kitob nashr etildi.
Oʻzbek folklorshunosligining asoschisi Hodi Zarif oʻz ilmiy maqolalarida “Ergash shoir dostonlarimizdagi xalqchillikni yana ham badiiy yuksaklikka koʻtarilishida, obrazlarni xarakterli detallar bilan boyitishda, portretlar chizish, tabiiy manzaralar, etnografik faktorlarni jonli va hayotiy tasvirlashda, xalqning til boyligini, folklorning goʻzal va badiiy vositalarini dostonda mumkin qadar toʻla va keng singdirishda barcha xalq shoirlarimizdan ustun turadi. Undagi quvvai hofizaning kuchliligi kishini hayratga soladi. Shoir bir necha yuz ming satrni tashkil etgan oʻnlab dostonlarni yod bilgan ”, deb yozgan edi.
Baxshi ijro etgan “Goʻroʻgʻli” turkumiga kiruvchi “Ravshan”, “Qunduz bilan Yulduz”, “Xoldorxon”, “Yakka Ahmad”, “Dalli”, “Kuntugʻmish” kabi dostonlarda qadim ajdodlar va zamonaviy til shunday omuxtalashtirilganki, unda soddalik bilan badiiy tasvirlar benihoyat goʻzal uygʻunlashib, oʻzbek tilining rango-rangligidan, jozibalaridan qalbda ona tilimizga boʻlgan muhabbat tuygʻularini kuchaytirib yuboradi.
Kitobda baxshilar sarvari, sultoni Ergash Jumanbulbul oʻgʻlining hayoti va ijodi toʻgʻrisida zamondoshlarining xotiralari jamlanmasi oʻrin olgan. Shoirni koʻrgan, yaqindan bilgan qavm-qarindoshlari, yurtdoshlari, shogirdlarining esdaliklarini oʻqir ekansiz, oʻsha zamonning voqeliklari, Ergash Jumanbulbul oʻgʻlining siymosi va u yashagan davr manzaralari koʻz oldingizda jonlanadi. Shuningdek, oʻzbek dostonchilik poetik maktabi, uning vakillari – baxshi-shoirlarning mashaqqatli hayoti, oʻzbek folklorshunoslik fani vujudga kelayotgan dastlabki yillarning qiyinchiliklari, oʻsha davr muhiti bevosita buyuk shoir taqdiri bilan bogʻliq holda aks ettirilgan.
“Baxshilar sarvari” folklorimiz va adabiyotimiz ixlosmandlari eʼtiborini qozonadi va koʻngil mulkiga aylanadi, deb ishonamiz. Zero, millatni ulugʻlagan, ulugʻvor gʻoyalarni qadrlab, ilgari surgan, insonlar qalbida goʻzal tuygʻular, xislatlarga muhabbat uygʻotgan ulugʻ shoir xalqimiz xotirasida hamisha barhayotdir.