img

Nodar Dumbadze

Gruzin adabiyotining eng yorqin va "quyoshli" vakili Nodar Dumbadze 1928-yilda Tbilisida tug‘ilgan. Uning bolaligi juda og‘ir davrga to‘g‘ri keldi: 1937-yilgi qatag‘onlar tufayli u ota-onasidan erta ayrildi va qishloqda, buvisining qo‘lida tarbiyalandi. Aynan shu qishloq hayoti, sodda va bag‘rikeng odamlar, urush davrining qiyinchiliklariga qaramay saqlanib qolgan insoniylik uning bo‘lajak asarlariga poydevor bo‘ldi. Dumbadze iqtisodchi mutaxassisligini egallagan bo‘lsa-da, qalb amri bilan adabiyot olamiga kirib keldi va dastlab "Niangi" ("Timsoh") hajviy jurnalida faoliyat yuritdi. Yozuvchiga haqiqiy shon-shuhratni "Men, buvim, Iliko va Illarion" qissasi olib keldi. Bu asar kitobxonlar tomonidan shunchalik iliq kutib olindiki, u tez orada ko‘plab tillarga tarjima qilindi va filmga aylantirildi. Dumbadzening o‘ziga xos uslubi shundaki, u eng og‘ir va qayg‘uli voqealarni ham yumor orqali, mayin tabassum bilan tasvirlaydi. Uning asarlarini o‘qiganda kishi bir vaqtning o‘zida ham kuladi, ham yig‘laydi. U yetimlik nima ekanligini o‘z tanasida his qilgani uchun ham "Quyoshni ko‘ryapman" asarida urush davri bolalarining taqdirini juda ta’sirli yoritib bergan. Nodar Dumbadze nafaqat yozuvchi, balki chuqur faylasuf ham edi. Uning "Oq bayroqlar" va "Abadiyat qonuni" romanlari inson hayotining ma’nosi, vijdon va adolat haqida so‘zlaydi. U o‘z qahramonlari orqali inson qalbi nafrat uchun emas, faqat muhabbat uchun yaralganini uqtirmoqchi bo‘ladi. Og‘ir yurak xastaligini boshdan kechirgan adib 1984-yilda vafot etdi, ammo u yaratgan "Hellados", "Kukaracha" kabi samimiy obrazlar va uning quyoshga to‘la asarlari hamon kitobxonlar qalmini isitib kelmoqda.

Muallifning kitoblari

Barchasini ko‘rish