Полная версия Изображения: Вкл Выкл    Размер шрифта: A A A    Цвет сайта: A A A A
TELEFONLAR
+99871 244-34-01
ISHONCH TELEFONI
+99871 244-37-81

Mard o‘g‘lonlar hamisha xalq xotirasida

Mard o‘g‘lonlar hamisha xalq xotirasida

Samarqand garnizonidagi 16-harbiy shaharchada Vatanimiz sarhadlari daxlsizligi va xalqimiz osoyishtaligini ta’minlash yo‘lida xizmat burchini o‘tash chog‘ida halok bo‘lgan harbiylar xotirasiga bag‘ishlangan yodgorlik monumenti ochildi.

Unda davlat va jamoat tashkilotlari, harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Markaziy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni o‘rinbosari, polkovnik B.Abduvahobov va boshqalar Prezidentimiz rahnamoligida mamlakatimiz mudofaa tizimida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar samarasida yurtimiz tinchligi, sarhadlarimiz daxlsizligini ta’minlashga qodir mustahkam, zamonaviy qurol-yarog‘ va texnikaga ega milliy armiyamiz shakllanganini ta’kidladi.

Qurolli Kuchlarimiz safida xizmat qilayotgan harbiylarning hamisha hushyor va sergakligi, har qanday sharoitda ham Vatan himoyasi uchun tayyorligi tufayli bugun osmonimiz musaffo, xalqimiz osuda hayot kechirmoqda. Xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan harbiylarning jasorati davlatimiz tomonidan munosib taqdirlanib, xalqimiz doimo yod etmoqda.

Mamlakatimiz Qurolli Kuchlarining 24-yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni arafasida bunyod etilgan mazkur yodgorlik ham xizmat burchini o‘tash chog‘ida halok bo‘lgan harbiylarga xalqimizning cheksiz ehtiromi va minnatdorligi ramzidir.

– Ona uchun o‘z jigarbandini tuproqqa qo‘yishdan og‘ir musibat yo‘q – deydi Samarqand shahrida yashovchi Roziya Sadinova. – Bundan 15-yil oldin xizmat burchini o‘tash chog‘ida halok bo‘lgan o‘g‘lim Sayyorjonning vafoti qalbimda shunday jarohat qoldirgan. O‘tgan yillar davomida o‘g‘limning nomini abadiylashtirish, uning jasoratini qadrlash yuzasidan davlatimiz tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar ko‘nglimga taskin beradi. Bugun ochilgan ushbu yodgorlikda bir qator safdoshlari singari Sayyorjonning ham nomi bitilganini ko‘rib, to‘lqinlanib ketdim. Demak, bolam nafaqat biz oila a’zolarining, balki xalqimizning ham ko‘nglida yashamoqda. Ilohim, yurtimiz tinchligining ishonchli himoyachilari bo‘lgan harbiylarimiz sog‘ va omon bo‘lsin!

Samarqand garnizonidagi harbiy qismlar, o‘quv yurtlari va jamaotchilik tomonidan yodgorlik poyiga gullar qo‘yildi.

 

O‘zA

: 454 : Sunday 10 Iyul 2016