Полная версия Изображения: Вкл Выкл    Размер шрифта: A A A    Цвет сайта: A A A A
TELEFONLAR
+99871 244-34-01
ISHONCH TELEFONI
+99871 244-37-81


“Oʻzbekiston” nashriyot-matbaa ijodiy uyi

Tashkilot dastlab 1925-yili Oʻrta Osiyo davlat nashriyoti negizida Oʻzbekiston davlat nashriyoti (Oʻzdavnashr) sifatida tashkil etilgan. 1964-yili “Oʻzdavnashr” “Oʻzbekiston” nashriyoti etib qayta nomlangan. Nashriyot ijtimoiy-iqtisodiy, ommaviy-siyosiy, ilmiy-ommabop, huquqiy, ishlab chiqarish, texnik, qishloq xoʻjaligi, ma’lumotnoma va huquq adabiyotlarini nashr etishga ixtisoslashgan edi. 1967-yilda mazkur nashriyotning 3 va 5-sexlari negizida Toshkent matbaa kombinati tashkil etilib, bu yerda xalq iste’moli uchun zarur boʻlgan matbaa mahsulotlarining barcha turlari ishlab chiqarilgan.

2004-yilda “Oʻzbekiston”, “Mehnat”, “Oʻzblanknashr” va Toshkent matbaa kombinati bazasida “Oʻzbekiston” nashriyot-matbaa ijodiy uyi tashkil etildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tizimiga kiruvchi ushbu nashriyot Oʻzbekistondagi eng yirik nashriyot-matbaa ijodiy uyi hisoblanadi.

Nashriyot Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, hukumat qarorlari, rasmiy materiallar hamda normativ hujjatlarni nashrga tayyorlaydi va chop etadi. Shuningdek, ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, yuridik adabiyotlar, umumta’lim maktablari, oliy va oʻrta maxsus oʻquv yurtlari uchun darsliklar, uslubiy qoʻllanma va oʻquv adabiyotlarni nashr etadi. Darsliklar oʻzbek, rus, qozoq, qirgʻiz, turkman, tojik tillarida chop etiladi. Ilmiy-ommabop, badiiy adabiyotlar, lugʻatlar, tasviriy mahsulotlar, fotoalbom, buklet, kalendar, plakat, koʻrgazmali qoʻllanmalar oʻzbek, qardosh va chet tillarida nashr etiladi.

Korxona matbaa bazasida xalq iste’moli uchun zarur boʻlgan bosma mahsulotlar - turli blankalar, maktab jurnallari, qogʻoz mahsulotlari, gazeta sexida esa 20dan ortiq zamonaviy rangli gazeta va jurnallar bosib chiqariladi.

Nashriyot uyida katta mehnat tajribasiga ega boʻlgan yuqori malakali noshirlar, matbaachilar faoliyat yuritadi. Korxona dunyoning eng zamonaviy kompaniya va firmalarining yuqori texnologik qurilmalari bilan jihozlangan. Shuningdek, chet mamlakatlar bilan ishlab chiqarish boʻyicha doimiy hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, rangli bosma mahsulotlar, fotoalbomlar yuqori texnologik darajada hamda buyurtmachilar uchun maqbul narxlarda bajarib beriladi.

Nashriyot - koʻplab xalqaro koʻrgazma va tanlovlarning doimiy ishtirokchisi. 2006-yili Moskvada boʻlib oʻtgan III xalqaro kitob yarmarkasida Sh.Shoyoqubovning “Zamonaviy Oʻzbekiston miniatyurasi” kitob-albomi uchun “Art-kitob” nominatsiyasi boʻyicha I darajali diplom bilan taqdirlangan.

Nashriyot 2009-yil Toshkent shahrida o‘tkazilgan I Respublika tanlovida “Vatan tarixi” nominatsiyasi bo‘yicha A.Samarqandiyning “Matlai sa’dayn va majmai bahrayn” nomli II jildlik kitobini nashr etgani uchun I darajali diplom, “Art-kitob” nominatsiyasi bo‘yicha “Navoiy-sahro bag‘ridagi mo‘jiza shahar” kitob-albomi uchun II darajali diplom, “Bolalar va o‘smirlar adabiyoti” nominatsiyasi bo‘yicha “Bir bor ekan…” kitobi uchun III darajali diplom bilan mukofotlangan.

2010-yilda bo‘lib o‘tgan “Yilning eng yaxshi kitobi” II Respublika tanlovida “Art-kitob” nominatsiyasi bo‘yicha II darajali diplom bilan taqdirlangan.

2011-yil Toshkent shahrida o‘tkazilgan “Eng yaxshi kitob” III Respublika tanlovida “Vatan tarixi” nominatsiyasi bo‘yicha “Temur tuzuklari” kitobi uchun, 2012-yilda mazkur tanlovda “O‘zbek va jahon mumtoz adabiyoti” hamda “Art-kitob” nominatsiyasi bo‘yicha “Buyuk va muqaddas, mustaqil vatan” kitobi uchun I darajali diplom bilan taqdirlangan.

2012-yil Toshkent shahrida o‘tkazilgan “Oliy jurnalistika kurslarida ixtisoslashuv masalalari” mavzusidagi ilmiy-amaliy seminarda “Oʻzbekiston” NMIU “Eng faol nashriyot” deb topilgan.

2018-yilda oʻtkazilgan III Yevroosiyo xalqaro kitob koʻrgazma-yarmarkasida Nursulton Nazarboyevning “XXI asr arafasida” kitobi uchun Gran-pri mukofotini olgan.

2019-yilning 24-27-aprel kunlari oʻtkazilgan mazkur IV xalqaro kitob koʻrgazma-yarmarkasida ham nashriyotda chop etilgan kitoblar yuqori baholanib, Muxtor Avezov qalamiga mansub “Abay” nomli kitob uchun oliy mukofot – Gran-prini qoʻlga kiritdi.