Полная версия Изображения: Вкл Выкл    Размер шрифта: A A A    Цвет сайта: A A A A
TELEFONLAR
+99871 244-34-01
ISHONCH TELEFONI
+99871 244-37-81

Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasi rivojiga bag‘ishlandi

Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasi rivojiga bag‘ishlandi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 2018-yil 9-yanvar kuni axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada rivojlantirish va xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri, tegishli vazirlik va tashkilotlar rahbarlari ishtirok etdi. Bugun mamlakatimizda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini davlat boshqaruvi, iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha va kundalik hayotga izchil joriy etish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. O‘tgan yili raqamli televideniye qamrovi 88 foizdan 100 foizga yetkazildi. Mobil aloqadan foydalanuvchilar soni 7 foiz oshib, 22,8 millionga yetdi. 2017-yilda axborot texnologiyalari sohasida 7,7 trillion so‘mlik yoki 2016-yilga nisbatan 26 foiz ko‘p xizmat ko‘rsatildi. Investitsiya dasturi doirasida 260 million dollar o‘zlashtirildi. Yig‘ilishda erishilgan natijalar alohida qayd etilar ekan, 2018-yilda va yaqin istiqbolda amalga oshirilishi zarur bo‘lgan ustuvor vazifalar haqida ham so‘z bordi. Prezidentimiz axborot texnologiyalari sohasida hali qilinadigan ishlar ko‘pligi, erishilgan natijalar boshqa davlatlarga qaraganda ancha past ko‘rsatkichda ekanini ta’kidladi. Misol uchun, axborot texnologiyalari sohasining mamlakat yalpi ichki mahsulotidagi ulushi Janubiy Koreyada 9 foiz, Yaponiyada 5,5 foiz, Xitoy va Hindistonda 4,7 foiz, O‘zbekistonda atigi 2,2 foizni tashkil etadi. Buni axborot-kommunikatsiya rivojlanish indeksi reytingidagi 176 mamlakat orasida O‘zbekiston 95-o‘rinda ekani ham isbotlab turibdi. Yig‘ilishda internet tarmog‘iga ulanish qamrovini kengaytirish va tezligini oshirish, dasturiy ta’minot, telekommunikatsiya sohasida yetakchi xorijiy kompaniyalar bilan aloqa o‘rnatish, “Elektron hukumat” tizimini yanada rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan axborot berildi. Internetdan 20 million aholi foydalanadi, deb hisobot bergansizlar. Biroq, milliy internet orqali taklif etiladigan xizmatlar doirasi juda cheklangani sababli aholining aksariyat qismi internetdan faqat “Telegram”da yozishma uchun foydalanadi xolos, dedi Shavkat Mirziyoyev. Yig‘ilishda MDH davlatlari bo‘yicha internetning o‘rtacha tezligi biznikidan 10 marta yuqoriligi qayd etildi. Aloqa operatorlari chekka hududlarda, avtomobil va temir yo‘llarga yaqin hududlarda telekommunikatsiyalarni kengaytirishga sarmoya kiritmayotgani ta’kidlandi. Mutasaddilarga internet narxini keskin arzonlashtirish, tezligini kamida 4 barobar oshirish, 2020-yilgacha esa MDH davlatlari darajasiga yetkazish chora-tadbirlarini ko‘rish bo‘yicha zarur topshiriqlar berildi. Bugun “Xavfsiz shahar” yagona kompleksini yaratish dasturiga muvofiq loyiha konsepsiyasi ishlab chiqildi. Unga ko‘ra, Toshkent shahrida 16 mingdan ortiq videokamera o‘rnatish, Ma’lumotlarni qayta ishlash markazi va Situatsiya markazlarini tashkil etish belgilangan. Shuningdek, “Xavfsiz turizm”, “Xavfsiz hudud”, “112” tizimi, oliy ta’lim muassasalariga imtihon topshirish jarayonlariga videokuzatuv hamda yo‘l harakati qoidalari buzilishlarini ro‘yxatga olish tizimlarini joriy etish ko‘zda tutilgan. Yig‘ilishda “Xavfsiz hudud” va jamoat tartibini ta’minlashga ko‘maklashish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirish chora-tadbirlari muhokama qilindi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 30-iyundagi farmoniga asosan tashkil etilgan «Mirzo Ulug‘bek innovatsiya markazi»da 140 dan ortiq korxonaga rezident maqomi berilib, ularda ayni vaqtda 1000 dan ortiq dasturchi mutaxassis ishlamoqda. Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida eng zamonaviy texnologiyalar va ta’lim uslublari keng joriy etilmoqda. 2018-yilda xalqaro tajribani, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari rivojlanishi tendensiyalarini inobatga olgan holda, “2018-2021-yillarda “Elektron hukumat” tizimini yanada rivojlantirish strategiyasi”ni ishlab chiqish, “Mirzo Ulug‘bek innovatsiya markazi» rezidentlari tomonidan ko‘rsatiladigan ishlar va xizmatlar hajmini kamida 2 barobar hamda eksport hajmini 1,8 barobar oshirish, rezidentlar uchun chet el kompaniyalari bilan hamkorlik qilish va yangi bozorlarga chiqishda ko‘maklashish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi. Shuningdek, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetini uch yil ichida jahondagi eng obro‘li 1000 universitet safiga kiritishni ta’minlash, sohaning yetakchi universitet va kompaniyalari bilan hamkorlikni mustahkamlash, professor-o‘qituvchilar va talabalarning xorijda stajirovkada bo‘lish va malaka oshirishini keng tashkil etish kerakligi ta’kidlandi. Yig‘ilishda dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqish va buning uchun milliy kadrlar tayyorlash ishlari hali talab darajasida emasligi qayd etildi. Mutasaddilarga dunyoning axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi yirik korporatsiyalari bilan raqobatlasha oladigan milliy operator va dasturchilarimiz faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berildi. Yig‘ilishda “O‘zbektelekom” kompaniyasining ish samaradorligini oshirish, telekommunikatsiya tarmoqlari orqali xalqaro telefon so‘zlashuvini noqonuniy amalga oshirayotgan subyektlarga nisbatan moliyaviy jazo choralarini qo‘llash, xalqaro tajriba asosida pochta tizimini tubdan qayta ko‘rib chiqib yanada rivojlantirish, axborot xavfsizligi konsepsiyasini ishlab chiqish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berildi. O‘zA
: 393 : Wednesday 10 Yanvar 2018